Foto va Video

O‘zbekiston 2022-yilgi 75-Xalqaro Kann kinofestivalida Milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda

21.05.2022 1440

Pavilyon O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi tomonidan Xalqaro Kann kinofestivali doirasida uchinchi bor tashkil etilmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar masalalari Agentligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi Elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.

Pavilyon 18-22-may kunlari Marché Du Film kino bozori markazida kino ishlab chiqarish boʻyicha jahon yetakchilarining, xususan, AQShning milliy pavilyonlari yonida ochildi. Milliy pavilyondan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon rejissyorlari va prodyuserlarining e’tiborini O‘zbekiston media-mahsulotlariga qaratish, jahon kino sanoatiga O‘zbekistonning yuksak tarixiy va madaniy salohiyati haqida so‘zlab berishdan iborat.

Mamlakatimizning noyob obidalari, qadimiy shaharlari, tarixiy qadamjolari, ziyoratgohlari va me’moriy majmualari tufayli mamlakatimiz kino mahsulotlarini suratga olish va targ‘ib qilish uchun o‘ziga xos maydonchani taklif qilishi mumkin, bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonga xorijlik sayyohlarning e’tibori oshishiga olib keladi. Ko‘rgazma faoliyati davomida Orolbo‘yi muammolari hamda ekologik masalalarni yangi “Aral Dream” loyihasi yordamida jahon axborot makonida yoritishga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, har bir mamlakat boshqa davlat madaniyat arboblari va kino sanoati vakillariga suratga olishning qulayliklarini va o‘ziga xos afzalliklarini taklif qilishga intiladi. Joriy yilda mamlakatimizda suratga olish istagida bo‘lgan telekanallar va kinokompaniyalar xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston o‘z zimmasiga oladi. Pavilon tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq professionallar hamjamiyati bunga qiziqish bildirgan va birgalikda hamkorlik qilish borasida muzokaralar boshlangan. Ayni vaqtda mediakompaniyalar va rejissyorlar bilan kelishuvga erishilgan, xususan, kanadalik- eronlik rejissyor Mustafo Keshvariy O‘zbekistonda Umar Xayyom haqida film suratga olish istagini bildirgan.

Shuningdek, Yevropa jurnalistlar assotsiatsiyasi yetakchilaridan biri Dirk Vandereyken bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Assotsiatsiya tomonidan O‘zbekistonga tashrif buyurishga katta qiziqish bildirildi, Yevropaning yetakchi davlatlari jurnalistlari mamlakatimizning turizm salohiyatini o‘shirish bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlari bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonda press-turlar tashkil etilishi masalalari muhokama qilindi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing